Joriy yilning 25-sentabr kunidan boshlab Eron va Pokiston davlatlaridan olib kirilayotgan iste’mol kartoshka mahsulotlarida O‘zbekiston Respublikasi hududi uchun karantin ahamiyatiga ega o‘ta xavfli zararli organizmlar – oltinrang va nimrang nematodalar bilan zararlanish holatlari tizimli ravishda aniqlanmoqda.
Ma’lumot uchun qayd etish joiz, oltinrang va nimrang nematodalar kartoshka va boshqa turdagi poliz ekinlari hosildorligini yo‘qqa chiqaradi. Xususan, xalqaro ekspertlarning hisob-kitobi shuni ko‘rsatmoqdaki, nematodalarning qishloq xo‘jaligi ekinlariga yillik zarari butun dunyo miqyosida 100 milliard dollardan oshmoqda.
Mazkur ikki turdagi nematoda O‘zbekiston hamda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi uchun karantin ahamiyatiga ega. Xavfli zararkunandaning respublika hududiga kirib kelishi va tarqalishi oqibatida kartoshka, pomidor va boshqa poliz ekinlari kuchli zararlanadi.
Respublika hududida 86,529 ming gektar kartoshka, 24,591 ming gektar pomidor, 12,7 ming gektar qalampir va 137 ming gektar poliz ekinlari yetishtirilayotganini inobatga oladigan bo‘lsak, xavf ko‘lami yanada yaqqol namoyon bo‘ladi.
Yana bir muhim jihat shundaki, nematodalarga qarshi kurashishda samarali kimyoviy vositalar mavjud emas. Zararkunandalar tarqalgan hududlarda
30 yilgacha kartoshka va poliz ekinlarini yetishtirib bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, pomidor, baqlajon, bulg‘or qalampiri, kartoshka va boshqa mahsulotlarni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga eksport qilish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelib, cheklovlar joriy etilishi ehtimoli yuqori.
Karantin osti obyekti hisoblangan ushbu nematodalarning yuqori xavfini keng ommaga yetkazish maqsadida xorijiy va mahalliy mutaxassislarning ko‘rsatmalarini ifoda etadigan barcha turdagi materiallar O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining rasmiy manbalari (www.karantin.uz, https://t.me/uzdavkarantinuz)da joylashtirib kelinmoqda. Maqsad – nematodaning xavfi yuqori bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirayotgan fermer va dehqon xo‘jaliklarini ogoh etish, mazkur dolzarb masalada mas’uliyatini oshirishdan iborat.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning avgust oyidan bugungi kunga qadar respublika hududiga 110 ming tonna iste’mol kartoshkasi olib kirilgan bo‘lib, shundan 104 ming tonna mahsulotga fitosanitar talablarga muvofiqligi to‘g‘risida fitosanitar sertifikatlar taqdim etilgan.
Shu bilan birga, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan tezkor ravishda xavfli nematodalar aniqlangan iste’mol kartoshka mahsulotining 3 525 tonnasi (3,2%) eksportyor davlatga qaytarildi. 775 tonna mahsulotni esa (0,7%) tadbirkorlik subyektlari tomonidan qaytarish imkoniyati yo‘qligi tufayli maxsus obyektlarda yo‘q qilindi.
Shuningdek, O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha xalqaro konvensiyaga binoan Agentlik tomonidan 2021-yil Eron va Pokiston davlatlariga O‘zbekiston fitosanitariya talablarining buzilishi holatlari yuzasidan e’tiroznomalar yuborildi.
Ushbu e’tiroznomalar yuzasidan Pokiston davlati barcha kasallik aniqlangan yuklarning fitosanitar sertifikatlarini o‘rganib chiqib, ularning qalbakilashtirilganligi to‘g‘risida ma’lum qildi.
Respublikaning iste’mol kartoshka mahsulotiga ehtiyojini inobatga olgan holda Pokiston va Eron davlatlari karantin xizmatlari bilan tezkor videokonferens aloqa orqali muzokaralar o‘tkazildi. Natijada mazkur davlatlar tomonidan karantin nazorati kuchaytirilishi va O‘zbekiston fitosanitariya talablariga muvofiq kartoshka mahsulotini ishlab chiqaruvchilari ro‘yxati taqdim etilishiga kelishildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Pokiston davlatidan olib kelinayotgan iste’mol kartoshkasi Afg‘oniston hududida qayta taqsimlanib, boshqa davlatlar (jumladan, Hindiston) kartoshkalari bilan aralashtirilayotganligi, mazkur kartoshka iste’mol uchun emas balki ozuqa yem sifatida foydalaniladigan kartoshka ekanligi to‘g‘risida ham xabarlar mavjud.
Kelishuvga muvofiq, Pokiston tomoni joriy yilning 1-noyabr kuni Konvensiya shartlariga binoan, eksport qilinishi ruxsat etilgan eksportyor korxonalar va fitosanitar xavfsiz yetishtiruvchilarning ro‘yxatini taqdim etdi. Mamlakatimizda kartoshka import bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida mazkur korxonalarning ro‘yxati ham Agentlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirildi (Ro'yxat).
Ta’kidlash joizki, o‘tkazilgan muzokaralar samarasi o‘laroq, 2021-yil 3-10-noyabr kunlari Pokiston davlatidan kirib kelgan kartoshka mahsulotida nematodalar bilan zararlanish holatlari aniqlanmagan.
Kartoshkada nematodalar aniqlanganligi holati yuzasidan Eron Islom Respublikasiga O‘zbekiston delegatsiyasining tashrifi 2021-yil 12-16-noyabr kunlariga rejalashtirildi. Tashrif davomida Agentlik mutaxassislari va mutasaddi idoralar vakillari hamda kartoshka importi bilan shug‘ullanuvchi 15 nafardan ortiq tadbirkorlardan iborat guruh qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksportga tayyorlash jarayoni bilan tanishish, tadbirkorlik subyektlari bilan B2B formatidagi uchrashuvlar, fitosanitar xavfsiz kartoshka yetishiruvchilar ro‘yxatini shakllantirish ko‘zda tutilgan.
Xavfli nematodalar yuzasidan xorijiy hamkasblarning tajribasi ham o‘rganildi. Jumladan, Turkiyaning “TAGEM” ilmiy-tadqiqot instituti, Rossiya Federatsiyasining “VNIIKR” Butunrossiya o‘simliklar karantini ilmiy-tadqiqot instituti, Yaponiyaning karantin xizmatlari mutaxassislari bilan muzokaralar olib borildi. Ekspertlarning fikricha, nematodalarni zararsizlantirish usuli mavjud bo‘lmaganligi sababli yuk partiyalarda nematodalar aniqlangan holatlarda, mahsulotni yo‘q qilish va eksportyor davlatga taqiq qo‘yish chorasi belgilanishi maqsadga muvofiq.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, oltinrang va nimrang nematodalarning respublika hududiga kirib kelishi va tarqalishi respublikaning kartoshka, pomidor, bulg‘or qalampiri, baqlajon va boshqa turdagi poliz ekinlari hosildorligining keskin qisqarishiga olib keladi. Bunday vaziyatda esa mazkur nematodalarga chidamli “GMO” navli sabzavot ekin turlariga o‘tilishi ehtimoli yuqori. Achinarlisi, nematodalarning zarari natijasida mahalliy navlarning yo‘q bo‘lib ketish xavfi ham ortadi.
Eng avvalo, ekin maydonlariga nematoda bilan zararlanmagan urug‘lik kartoshkani ekish muhim. Urug‘larning fitosanitar tozaligini aniqlash uchun hududlardagi fitosanitariya laboratoriyalari xizmatidan foydalanish maqsadga muvofiq. Sababi nematodani laboratoriya usulida aniqlash mumkin. Urug‘lik kartoshkani xavfli nematodalardan xoli ekanligini tekshirish uchun barcha turdagi PZR tahlillardan foydalaniladi.
Kurash choralari sifatida almashlab ekish amaliyoti ham yaxshi natija beradi. Ya’ni kamida 5 yil davomida zararlangan maydonda kartoshka, pomidor, bulg‘or qalampiri va baqlajondan boshqa mahsulotlarni yetishtirish lozim. Tuproqni nematodalardan tozalash uchun mutaxassislar bunday maydonga dukkakli yoki don mahsulotlari, xususan, makkajo‘xori, lavlagi, piyoz, rediska, sholg‘om, xantal, shu bilan bir qatorda karamning barcha turlarini ekish samara beradi.
