Turkiya davlatining “PARLAR FIDAN” korxonasi ko‘chatxonalarida yetishtirilgan ekish materiallarini O‘zbekistonga olib kirishga vaqtinchalik taqiq o‘rnatildi

   2022-yil 15-iyundan boshlab Turkiya davlatining “PARLAR FIDAN Parlar fidan tarim urunleri gida tekstil sanayi ve ticarey limited sirketi” (Pitomnik) ko‘chatxonalaridan O‘zbekiston Respublikasiga ekish materiallarini olib kirishga vaqtinchalik taqiq o‘rnatildi.

   Markaziy fitosanitariya laboratoriyasining 2022-yil 18-maydagi 2022-4371-sonli ekspertiza xulosasiga ko‘ra, Turkiya davlatining “PARLAR FIDAN” ko‘chatxonalaridan O‘zbekiston Respublikasiga olib kirilgan shaftoli (Dixired navi) ko‘chatlarida “Olxo‘rining cho‘tir kasalligi” (Plum pox virus) aniqlangan. Shu bois mazkur kasallikni O‘zbekiston Respublikasi hududida tarqalish xavfini oldini olish maqsadida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan vaqtinchalik import cheklovi o‘rnatildi.

   Ma’lumot uchun, “Olxo‘rining cho‘tir kasalligi” (Plum pox virus) asosan Yevropa mamlakatlari, xususan, Avstriya, Angliya, Bolgariya, Vengriya, Germaniya, Gollandiya, Gretsiya, Moldova, Polsha,  Rossiya, Ruminiya, Serbiya, Turkiya, Ukraina, Chexiya, Estoniya, Shvetsariya, Shvetsiya kabi mamlakatlarda tarqalgan. Ushbu kasallik olxo‘ri, tog‘olcha, o‘rik, shaftoli kabi mevalarni zararlaydi. Kasallik tufayli chidamsiz daraxtlarning 25-50%, ba’zan 100% hosili yo‘qotiladi. Zararlangan daraxtlar mevasining ko‘pchiligi to‘kiladi, qolganlari mayda va ta’msiz bo‘lib qoladi. Kasallik belgilari daraxtlar virus bilan zararlangandan so‘ng 9-11 oy o‘tganda namoyon bo‘ladi. Shuningdek, kasallik bilan zararlangan mevalar vaqtidan oldin rangga kiradi, tarkibida qand moddasi kamayadi va sog‘lomlaridan 20-30 kun oldin to‘kiladi. Ularning bir qismi mumiyolashadi. Kuchli zararlangan chidamsiz navlarning hosili butunlay yo‘qotilishi mumkin.

   O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022-yil 12-martdagi 3 va 5-son qaroriga muvofiq “Olxo‘rining cho‘tir kasalligi” (Plum pox virus) O‘zbekiston Respublikasi uchun karantin ahamiyatiga ega bo‘lgan zararli organizmlar ro‘yxatiga kiritilgan.

   Hurmatli import bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar! Xorijiy mamlakatlardan, xususan, Turkiya davlatidan ekish materiallari, ko‘chat hamda urug‘liklarni respublikamiz hududiga olib kelish jarayonida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligini oldindan xabardor qilishingiz maqsadga muvofiq. Import jarayonida belgilangan talablarga rioya etilmasa, mahsulotlar chegara nazorat punktlaridan ortga qaytarilishi yoki belgilangan tartibda yo‘q qilinishi mumkin. Zero, respublikamiz qishloq xo‘jaligini turli fitosanitar xavf, kasallik va zararkunandalardan himoya qilish mo‘l-ko‘l hosil, pirovardida eksport salohiyatining oshishiga xizmat qiladi.