Samarqand viloyat O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi xodimlari tomonidan mamlakatimizga import qilinayotgan mahsulotlarda karantin obyektlari kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik borasida zarur choralar ko‘rilyapti.
Samarqand tashqi iqtisodiy faoliyat maskanida faoliyat yuritayotgan O‘simliklar karantini va himoyasi inspektorlari viloyatga Turkiya davlatidan import qilingan 126 ming 156 dona karantin ostidagi mahsulot, ya’ni shaftoli ko‘chatlaridan namunalar olib, markaziy fitosanitariya laboratoriyasiga jo‘natildi.
Ekspertiza xulosalari shaftoli ko‘chatlari “Olxo‘ri chechagi virusi” (Plum Pox virus (PPV) va “Yashil empoaska” (Empoasca decipiens) karantin obyektlari bilan zararlanganligi aniqlandi.
Boshqarma axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu karantin osti mahsulotlari belgilangan tartibda yoqib yuborish yo‘li bilan yo‘q qilindi.
Ma’lumot o‘rnida, Olxo‘ri chechagi virusi (Plum pox virus - PPV) dunyoning juda ko‘pgina mintaqalarida xususan, Yevropada: Albaniya, Avstriya, Belorussiya, Belgiya, Bosniya, Bolgariya, Buyuk Britaniya, Vengeriya, Germaniya, Gretsiya, Daniya, Ispaniya, Italiya, Kipr, Latvia, Litva, Norvegiya, Polsha, Portugaliya, Ukraina, Fransya, Chexiya, Shvetsariya kabi mamlakatlarda, Osiyoda esa Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Pokiston, Koreya, Yaponiya kabi mamlakatlarda aniqlangan. Olxo‘ri chechagi virusining qishloq xo‘jaligiga keltirayotgan zarari bugungi kunda dunyo bo‘yicha yiliga 600 mln dollarni tashkil etadi.
Bu virus birinchi marta Bolgariyada 1916-1917-yillarda paydo bo‘lganligi aniqlangan. Olxo‘ri chechak virusi bir zanjirli RNK tutuvchi, Potyviridae oilasi, Potyvirus avlodiga mansub bo‘lgan virusidir. Olxo‘ri chechak virusining 9 ta shtammi: PPV-D, PPV-M, PPV-EA, PPV-C, PPV-Rec (rekombinant), PPV-W, PPV- T, PPV-CR va PPV- An, PPV-M aniqlangan bo‘lib, PPV-M izolatlari shaftoliga ko‘proq zarar keltiradi. Bu virus faqat olxo‘riga emas balki boshqa danak mevali o‘simliklarga, jumladan, shaftoli, o‘rik, bodom, gilos kabi o‘simliklarga ham katta ziyon yetkazadi va hosildorligini pasayishiga hamda o‘simliklarning o‘sishi rivojlanishdan orqada qolishiga olib keladi. O‘zbekiston sharoitida ham bugungi kunda qator fitafatogen viruslar ustida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoda. Danak mevali o‘simliklar, jumladan, olxo‘ri chechagi virusini ham har tomonlama o‘rganish ustida ilmiy ishlar olib borilmoqda. Olib borilayotgan bunday ilmiy-tadqiqot ishlari virusga qarshi kurash choralarini ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
